Vazirlik Matbuot xizmatining ma’lum qilinishicha, “M-25” koni hududida kichik hajmda to‘plangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilmoqda. Kon hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmagan.
Bugungi kunda 2024 yil sentyabr oyida metan emissiyasi sodir bo‘lgan quduq o‘rnida obyektni konservatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti.
604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan bo‘shliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz to‘plangan.
Ayni paytda hududda kichik hajmda to‘plangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.
“Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga to‘la javob beradi.
Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin bo‘lgan bir qator operatsiyalardan iborat. Bunga holat bo‘yicha tarqalgan videolavha yaxshi misol bo‘la oladi”, – deyiladi xabarda.