Avvalroq bog‘chada bolalarga zaharli ilonlar bilan tomosha ko‘rsatilganligi aks etgan video bo‘yicha o‘rganish olib borilayotgani xabar qilingan edi.
Ayni paytda holat bo‘yicha Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati ma’lumot taqdim etdi.
Holat joriy yilning 16 yanvar kuni Toshkent viloyati Piskent tumanidagi 7-sonli Davlat maktabgacha ta’lim muassasasida kuzatilgan.
Videoda maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanuvchilarga hozirda noyob, Qizil kitobga kiritilgan O‘rta Osiyo kobralari bilan tomosha uyushtirilganligi va bunda bog‘cha ma’muriyati tomonidan bolalarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizlik choralari ta’minlanmaganligi aks etgan.
Tomoshalar Olmaliq shahar "Kumush diyor" xususiy korxonasi tasarrufidagi "Toshkent" havaskorlik sirk jamoasi xodimi H.A tomonidan uyushtirilgan. Mazkur shaxs o‘quv yili avvalida tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga ta’lim tizimidagi muassasalarga sirk tomoshalarini namoyish qilish bo‘yicha xat va dastur bilan murojaat qilgan. Mas’ullar tomonidan ushbu tomoshalarga ruxsat berilgan.
Namoyishlar dasturida hayvonlar bilan sahna ko‘rinishlari ko‘rsatilmagan. H.A 16-yanvar kuni tumandagi 7-sonli Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan jonzotlar biln o‘yin ko‘rsatgan.
Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borildi. Ishchi guruh xulosasi bilan holatga bevosita mas’ul bo‘lgan, e’tiborsizlik qilgan shaxslarga nisbatan chora ko‘rildi.
Shu bilan birga Ichki ishlar organlari tomonidan ham mazkur holat to‘liq nazoratga olingan.