AsosiyDunyo

Tramp transgenderlarga ayollar musobaqalarida qatnashishni taqiqladi

Shuningdek, 19 yoshga to‘lmaganlarning jinsini o‘zgartirish bo‘yicha operatsiyalariga chek qo‘ydi.

'Tramp transgenderlarga ayollar musobaqalarida qatnashishni taqiqladi'ning rasmi

AQSH Prezidenti Donald Tramp 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada transgenderlarning ayollar musobaqalarida ishtirok etmasligini ta’minlash uchun choralar ko‘rishga va’da berdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Tramp transgenderlarning ayollar va qizlar musobaqalashadigan ta’lim muassasalaridagi sport tadbirlarida ishtirok etishini taqiqlovchi farmonni imzoladi.

“Bundan buyon ayollar sporti faqat ayollar uchun bo‘ladi,” dedi Tramp Oq uyda hujjatni imzolashdan oldin. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda AQSHda ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda minglab transgenderlar ishtirok etgan. Shuningdek, Prezident yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada g‘olib bo‘lgan ikki bokschi biologik erkak ekani gumon qilinib, ayollar o‘rtasidagi musobaqalarga qo‘yib yuborilgani haqidagi voqeani ham eslatdi.

“Bugun bularning barchasiga chek qo‘yiladi,” deb ishontirgan Tramp.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar AQSHning davlat tomonidan moliyalashtiriladigan barcha maktab va kollejlarida transgenderlarning musobaqalarga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi.

“Agar biz qandaydir bo‘shliqlarni o‘tkazib yuborganimiz ma’lum bo‘lsa, biz qo‘shimcha farmon tayyorlaymiz,” deb va’da berdi Amerika Prezidenti.

Shuningdek, u 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadada transgenderlarning ayollar musobaqalarida ishtirok etmasligi uchun choralar ko‘rishga va’da berdi.

“Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz va bizga hech kim xalaqit berolmaydi,” dedi davlat rahbari.

Trampning farmoni Ta’lim vazirligidan ta’lim muassasalarini ogohlantirishni talab qiladi, agar ularning ma’muriyati o‘g‘il bola bo‘lib tug‘ilgan o‘quvchilarga ayollar bilan raqobatlashishga ruxsat bersa, bu ta’lim dasturlari doirasida jinsiy kamsitishni taqiqlovchi federal qonunning buzilishi sifatida baholanishi mumkin. Unga ko‘ra, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan muassasalar endi federal moliyalashtirishni olmasligi kerak. Bundan tashqari, Amerika hukumati maktab va kollejlar bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa sport uyushmalarida ham shunga o‘xshash qoidalarni qo‘llashga chaqiradi.

Shuningdek, AQSH Davlat departamentiga AQSHga kirayotgan sportchilarning vizalarini tekshirish, erkak tug‘ilganlar o‘zlarini ayol deb tanishtirmasligiga ishonch hosil qilish uchun ko‘rsatma beriladi.
Farmon AQSHda fevral oyining birinchi haftasida nishonlanadigan Sportda qizlar va ayollar milliy kunida imzolandi.

Amerikaning yigirmata shtatida transgender sportchilarga taqiq allaqachon amal qilmoqda, boshqalarida ulardan shifokorlarning ko‘rsatmalarini ko‘rsatish va bir yil davomida gormonal terapiyadan o‘tish talab qilinadi, uchinchilarida hech qanday cheklovlar amal qilmaydi.

“Associated Press” (AR) agentligining yozishicha, Trampning saylovoldi kampaniyasi davomida uning “erkaklarni ayollar sportidan uzoq tutish” va’dasi partiya xohish-istaklaridan qat’i nazar mashhur bo‘lgan. AP so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, respondentlarning yarmidan ko‘pi hukumat transgenderlar huquqlarini qo‘llab-quvvatlashda haddan oshib ketgan deb hisoblaydi.

29 yanvar kuni Tramp AQSHda 19 yoshga to‘lmaganlarning jinsini o‘zgartirish bo‘yicha operatsiyalarni taqiqladi.

    Boshqa yangiliklar