AsosiyJamiyat

Mehnat ta’tiliga haq to‘lashda endi yakshanba hisobga olinmaydi

O‘zgarish ishdan bo‘shash yoki ta’tilning bir qismini kompensatsiyaga almashtirish holatida to‘lovlar kamayishiga olib kelishi mumkin.

'Mehnat ta’tiliga haq to‘lashda endi yakshanba hisobga olinmaydi'ning rasmi

O‘zbekistonda har yilgi mehnat ta’tili vaqti uchun haq to‘lashda endi yakshanba kuni inobatga olinmaydi. Mehnat kodeksi bu haqdagi tegishli band bilan to‘ldiriladi.

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi haqida xabar berilgan edi. Hujjat bilan xodim ishdan bo‘shaganda mehnat ta’tilini kompensatsiyaga almashtirish chog‘ida ham yakshanba pulli kompensatsiya to‘lashda hisobga olinmasligi belgilandi.

Endilikda ish haqi saqlanmaydigan ta’tilning davomiyligi jami 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq bo‘lmasligi kerak. Shu kungacha bu ish haqi saqlanmaydigan oxirgi ta’til berilgan kundan boshlab bir yil davomida uzluksiz yoki jami 3 oydan oshmasligi kerak edi.

Bundan tashqari, 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga o‘rindoshlik asosida ishlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar o‘rindoshining asosiy ishi noqulay mehnat sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lsa, shunday sharoitlardagi ishlarda ishlashga (bundan sog‘liqni saqlash tizimi tashkilotlati xodimlari mustasno) ham yo‘l qo‘yilmaydi.

12 yoshga to‘lmagan ikki nafar va undan ortiq bolaning yoki 16 yoshga to‘lmagan nogironligi bo‘lgan bolaning ota-onasidan biriga (ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxsga), ularning xohishiga ko‘ra, har yili ish haqi saqlanmagan holda davomiyligi kamida 14 kalendar kungacha ta’til beriladi.

    Boshqa yangiliklar