AsosiyJamiyat

O‘zbekistonning qaysi hududida eng ko‘p jinoyat sodir etilayotgani ma’lum qilindi

Yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda oxirgi besh yillikdagi eng ko‘p — 77 995 kishi sudlangan.

'O‘zbekistonning qaysi hududida eng ko‘p jinoyat sodir etilayotgani ma’lum qilindi'ning rasmi

2024 yili O‘zbekistondagi sudlarda 61 481 ta jinoiy ish ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud ma’lumot berdi.

Yil davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda oxirgi besh yillikdagi eng ko‘p — 77 995 kishi sudlangan. Ular sodir etgan jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik darajasi turlicha. Xususan, 31 212 shaxs (40 foiz) ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, 19 688 fuqaro (25 foiz) uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etgan. Qariyb 22 951 kishi (29 foiz) og‘ir, 4 144 kishi (5 foiz) o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan.

Birinchi instansiya sudlarida eng ko‘p ko‘rib chiqilgan jinoyat ishlari Toshkent shahrida qayd etilgan — 9 886 ta. Eng ko‘p sudlanganlar ham poytaxda — 12 038 nafar. Keyingi o‘rinda Toshkent viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanganlar soni boshqa hududlarga nisbatan sezilarli yuqori — 10 238 nafar.

Sudlanganlarning 402 nafari qasddan odam o‘ldirish, 2 780 nafari qasddan badanga og‘ir yoki o‘rtacha tan jarohati yetkazish, 272 nafari nomusga tegish, 336 nafari bosqinchilik, 833 nafari talonchilik jinoyatlarini sodir etgan. Quyidagi turdagi jinoyatlarga eng ko‘p qo‘l urilgan:

  • O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-moddasi) — 6 042 kishi;
  • O‘g‘irlik — 8 321 kishi;
  • Harakat xavfsizligi qoidalarini buzish — 3 221 kishi;
  • Giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar — 8 373 kishi;
  • Bezorilik 3 223 kishi.

O‘tgan yili respublikada qariyb 20 655 shaxsga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Bu oxirgi besh yillikdagi rekord raqamdir. Jumladan, 2020 yilda 7107 kishi, 2021 yilda 12 922 kishi, 2022 yilda 17 610 kishi, 2023 yil 17 391 kishi ozodlikdan mahrum etilgan.

2024 yilda hududlar kesimida ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan eng ko‘p shaxslar soni Toshkent shahrida qayd etilgan — 3 890 nafar. Shu bilan birga, Toshkent (2 455 kishi) va Farg‘ona (2 311 kishi) viloyatlarida mazkur ko‘rsatkich yuqori bo‘lgan. Eng kam ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘istonda (577 nafar) kuzatilgan.

O‘tgan yili sudlar tomonidan jami 723 kishi oqlangan. Bu oxirgi yetti yil ichidagi eng kam ko‘rsatkich.

    Boshqa yangiliklar