O‘zbekistonda islom ilm-fani va madaniyatiga oid qo‘lyozmalarni ilmiy o‘rganish va ularni keng jamoatchilikka taqdim etish maqsadida “Yevroosiyo islom qo‘lyozmalari” elektron katalogi yaratish rejalashtirilmoqda.
Ushbu loyiha Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan amalga oshirilishi kutilmoqda.
Mazkur loyiha nafaqat mahalliy, balki xalqaro miqyosda ham keng qamrovga ega hisoblanadi. Loyiha doirasida Yevroosiyo mintaqasida tarqalgan islom qo‘lyozmalari jamlanadi va ular to‘liq raqamlashtiriladi.
Bu esa noyob ilmiy asarlarni saqlash, ularning har tomonlama tadqiq qilinishi hamda keyingi avlodlarga yetkazilishini ta’minlaydi. Elektron katalog orqali tadqiqotchilar islomiy qo‘lyozmalar bilan bevosita tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
“Yevroosiyo islom qo‘lyozmalari” elektron katalogi O‘zbekistonning boy ilmiy merosini global miqyosda ommalashtirish, islom madaniyati va tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.