Isroil armiyasi Livan janubidagi "Hizbulloh" harakatining pozitsiyalariga havo hujumlari uyushtirdi. Bu hujumlar Livandan Isroilga qarata raketalar otilganidan so‘ng amalga oshirilgani aytilmoqda, deya yozmoqda "Zamon.uz".
Isroil qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, zarbalar «Hizbulloh»ga tegishli harbiy obyektlar va qo‘mondonlik markazlariga qaratilgan. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi esa ikki kishi, jumladan bir bola halok bo‘lganini, sakkiz kishi yaralanganini ma’lum qildi.
"Hizbulloh" Isroilga raketa hujumi uyushtirganini rad etib, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga rioya qilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Livan armiyasi mamlakat janubida raketa uchirishga mo‘ljallangan uchta moslamani yo‘q qilganini bildirdi.
Bu zarbalar AQSH va Fransiyaning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha olib borayotgan muzokaralari davomida sodir bo‘ldi. Sulh shartlariga ko‘ra, Livan armiyasi janubdagi nazoratni kuchaytirishi, "Hizbulloh" jangchilarini shimolga olib chiqishi va Isroil harbiylari Livan hududidan chekinishi kerak.
Biroq Isroil "Hizbulloh" kuchlarini qayta qurollanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarbalarni davom ettirishini bildirgan. Bu voqealar Isroilning G‘azo sektorida "Xamas"ga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlaganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.