2025-2027 yillarda “yashil rivojlanish” modeliga o‘tish maqsadida jami 3257 MVt quvvatga ega 23 ta qurilmaning konservatsiya va ekspluatatsiyadan chiqarilishi belgilandi. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, shundan 80 foizi ya’ni 2617 MVtli 19 ta qurilma “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Belgilangan rejaga muvofiq, eski va energiya samaradorligi past qurilmalarni bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarish (konservatsiya qilish) ishlari Sirdaryo, Tolimarjon, Angren, Yangi-Angren, Toshkent, Navoiy issiqlik elektr stansiyalarida va Farg‘ona issiqlik elektr markazida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Issiqlik elektr stansiyalaridagi ma’nan va jismonan eskirgan qurilmalarni foydalanishdan chiqarishdan asosiy maqsad o‘tgan asrning 60-70 yillarida qurib foydalanishga topshirilgan, texnik shartlarga ko‘ra o‘zining ekspluatatsiya muddatini 2 marta, ayrim joylarda esa 3 marta ko‘p o‘tab bo‘lgan qurilmalarni ishdan chiqarish vositasida shartli yoqilg‘i sarfini kamaytirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda issiqlik elektr stansiyalarining atrof-muhitga ta’sirining oldini olish hisoblanadi.
Shuningdek, ishlab chiqarishda samaradorlikni oshirish, zamonaviy energiya tejamkor va samarador qurilmalarni joriy etish maqsadida Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida yuqori samarador umumiy quvvati 1065 MVt bo‘lgan navbatdagi 3, 4-bug‘-gaz qurilmalarini qurib ishga tushirish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Navoiy issiqlik elektr stansiyasida 650 MVt bo‘lgan 3-bug‘-gaz qurilmasini bunyod etish ishlari olib borilmoqda.
“Toshkent shahrining issiqlik ta’minoti so‘ngi nuqtalarida joylashgan mahallalarda kogeneratsiya loyihalarini amalga oshirish” investitsiya loyihasi doirasida Sergeli tumanida 2,3 MVt elektr, 11 Gkal issiqlik va Yunusobod tumanidagi 4-son issiqlik markazi hududida 100 MVt quvvatga ega gaz-porshenli qurilmasi bunyod etilmoqda.
Joriy 2025 yilda bu kabi loyihalar asosida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yangihayot, Uchtepa va Yashnobod tumanlarida ham zamonay kogeneratsiya qurilmalarini qurib ishga tushurish rejalashtirilgan