Bugun, 14-aprel kuni ertalab Myanma markazidagi Meytxila shahri yaqinida 5,5 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda “abc news” ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bu zilzila 28-martda Myanma markazida yuz bergan kuchli — 7,7 magnitudali zilziladan keyingi eng kuchli yer silkinishlardan biri bo‘lgan.
Myanma meteorologiya xizmatiga ko‘ra, bugun sodir bo‘lgan zilzilaning chuqurligi 20 km, AQSH Geologik xizmati esa uni 7,7 km deb baholamoqda.
Hozircha jiddiy talafotlar yoki qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q. Avvalgi zilzila oqibatida 3649 kishi halok bo‘lib, 5018 kishi jarohat olgan edi.