Uzbekistan Airways 14-apreldan Toshkent — Jidda — Toshkent yo‘nalishidagi reyslarda Umra vizasiga ega yo‘lovchilarni qabul qilishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bu Haj-2025 dasturi boshlangani bilan bog‘liq. 14-apreldan boshlab aviakompaniya reyslari orqali Saudiya Arabistoniga borayotgan barcha yo‘lovchilar Toshkentga qaytish chiptasiga ega bo‘lishi va 30-aprelgacha mamlakat hududini tark etishi shart.
“Agar 30-apreldan keyin mamlakatda qolgan yo‘lovchilar aniqlansa, jarimalar uchun javobgarlik agent yoki yo‘lovchining zimmasiga yuklanadi”, — deyiladi xabarda.
Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi aylanmasiga muvofiq, Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent — Jidda — Toshkent reyslari 30-apreldan boshlab bekor qilinadi.