Toshkent shahrida O‘zbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Assotsiatsiya raisi etib Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov saylandi.
O‘zbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi 2018 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — talabalar, o‘qituvchilar va oliygoh xodimlari o‘rtasida sportni ommalashtirish, yuksak mahoratli sportchilar zaxirasini shakllantirish va sport infratuzilmasini takomillashtirishdan iborat.
So‘nggi yillarda Assotsiatsiya faoliyati doirasida oliy ta’lim muassasalarida 26 ta olimpiya sport turi bo‘yicha 591 ta sport klubi hamda 21 ta sport turi bo‘yicha 721 ta sport seksiyasi tashkil etildi.
Talabalar sport harakati yangi bosqichga ko‘tarilib, «Universiada», «Barkamol avlod» musobaqalari bilan bir qatorda, «Talabalar ligasi», «Besh tashabbus olimpiadasi», «Talaba yugur» va «Rektor kubogi» kabi ommaviy musobaqalar yo‘lga qo‘yildi.
Konferensiyada Assotsiatsiyaning kelgusidagi asosiy vazifalari belgilab olindi:
barcha oliy ta’lim muassasalarida kamida 3 tadan sport klublari tashkil etish;
musobaqalarni sport klublari tizimi asosida muvofiqlashtirish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Assotsiatsiyaning hududiy bo‘linmalarini tashkil etish;
«Barkamol avlod», «Universiada» va «Talabalar ligasi» musobaqalarini takomillashtirish;
talabalar ishtirokidagi xalqaro musobaqalar soni va samaradorligini oshirish;
talabalar sportini rivojlantirishga oid maxsus konsepsiya qabul qilish;
mavjud sport zallari va maydonlarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash;
davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan yotoqxonalarda sport imkoniyatlarini yaratish.
Shuningdek, barcha ta’lim yo‘nalishlaridagi 1-bosqich talabalari uchun 4 kreditli «Jismoniy tarbiya» fani joriy etiladi. Sport klublari va to‘garaklar faoliyatini boshqarish uchun yagona raqamli platforma va mobil ilova yaratiladi. Yagona elektron platforma orqali kalendar reja, reyting baholash tizimi joriy qilinib, «Hemis» dasturiga integratsiya qilinadi.
Oliy ta’lim muassasalarida namunaviy sport to‘garaklari nizomi, dasturi va uslubiy qo‘llanmasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, har bir to‘garak rahbarini moddiy rag‘batlantirish va talabalarga sport faolligi uchun imtiyozlar berish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.
O‘zbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi faoliyati yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sportni keng ommalashtirish va mamlakat sport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.