AQSH Ukrainadan chorshanba kuni tinchlik bo‘yicha taklifga javob berishini kutmoqda. Ushbu reja AQSHning Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olishi va 2022 yilgi bosqindan so‘ng Rossiya nazoratiga o‘tgan deyarli barcha hududlarni norasmiy tan olishini o‘z ichiga oladi. Bu haqda Axios manbalari xabar bermoqda.
AQSH rasmiylari o‘tgan hafta Parijda Ukraina rasmiylariga bir betlik hujjat taqdim etdi. Unda bu hujjat Prezident Trampning “oxirgi taklifi” ekani ta’kidlangan. Oq uy, agar tomonlar yaqin orada kelishuvga kelmasa, muzokaralardan chiqib ketishga tayyor ekanini bildirgan.
Trampning taklifi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy uchun jiddiy talab qiladi. Zelenskiy avvalroq Qrim va Ukraina sharqidagi to‘rt hududning bir qismini Rossiyaga topshirishni rad etgan edi.
Shu bilan birga, xabarlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin front chizig‘ini muzlatishni taklif qilgan, biroq u avval AQSH taklifidagi ba’zi elementlarni, jumladan Yevropa tinchlikparvar kuchlarini Ukraina hududiga joylashtirishni rad etgan.
Ukraina hukumatiga yaqin manba ma’lum qilishicha, Kiyev ushbu Trampning “so‘nggi” taklifini “Rossiya manfaatlariga juda moyil” deb hisoblaydi: “Taklifda Rossiya nima olishini aniq va ayon ko‘rsatilgan, Ukraina esa nima olishi haqida noaniq va umumiy gaplar bor.”
Shunday qilib, Ukrainadan quyidagi narsalar talab qilinadi:
• Qrimni Rossiya hududi deb tan olish (AQSH tomonidan ham qonuniy (de jure) tan olinishi);
• Lugansk viloyatining deyarli barcha hududi hamda Donetsk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining okkupatsiya qilingan hududlaridagi de-fakto nazoratni tan olish;
• Ukraina NATOga a’zo bo‘lmasligiga va’da berish. Hujjatda Ukraina Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etilgan;
• 2014 yildan buyon joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilish;
• Energetika va sanoat sohalarida AQSH bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish.
Ukrainaga quyidagi narsalar va’da qilinmoqda:
• Mustahkam xavfsizlik kafolati, bu bir qancha Yevropa davlatlari va ehtimol, ularga maslakdosh bo‘lgan Yevropa bo‘lmagan davlatlar tomonidan beriladi. Lekin hujjatda bu tinchlikparvar missiya qanday ishlashi haqida aniqlik yo‘q va AQSH ishtirokini tilga olmagan;
• Rossiya egallab turgan Xarkov viloyatining kichik qismini Ukrainaga qaytarish;
• Dnepr daryosidan to‘siqsiz o‘tish huquqi, ayniqsa janubdagi front chizig‘i bo‘ylab;
• Ukrainani qayta qurish uchun kompensatsiya va yordam, lekin moliyalashtirish manbasi aniq ko‘rsatilmagan.
Tramp rejasining boshqa jihatlari:
• Zaporoje atom elektr stansiyasi — Yevropadagi eng yirik AES — rasman Ukraina hududi deb hisoblanadi, lekin uni AQSH boshqaradi, elektr energiyasi esa ham Ukraina, ham Rossiyaga yetkazib beriladi;
• Hujjatda AQSH-Ukraina minerallar bitimi haqida ham so‘z boradi. Tramp bu bitim payshanba kuni imzolanishini aytgan.
Qiziq jihati, ushbu reja Trampning elchisi Stiv Uitkoff o‘tgan hafta Putin bilan to‘rt soatdan ortiq davom etgan uchrashuvidan so‘ng tayyorlangan.
Financial Times xabar berishicha, reja taqdim etilgandan so‘ng, Putin mojaroni front chizig‘ida muzlatish taklifini bergan. Bu Putin tomonidan tinchlikka tayyorlikning eng katta ishorasi hisoblanadi, ammo Yevropa rasmiylari hanuzda shubha bilan qaramoqda.
Keyingi qadamlar shundan iborat bo‘ladiki, Uitkoff shu hafta keyinroq Moskvaga borib, Putin bilan to‘rtinchi bor uchrashadi, deb e’lon qildi Oq uy seshanba kuni.
Biroq Uitkoff hamda davlat kotibi Marko Rubio Londonda chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan muzokaralarda qatnashmaydi. Bu muzokaralarga AQSH, Ukraina, Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya rasmiylari jalb etilgan. Ilgari ular qatnashishi kutilgan edi.
Ular o‘rnida Ukraina bo‘yicha elchi Kit Kellogg AQSH delegatsiyasiga rahbarlik qilishi kutilmoqda. Tramp taklifi muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ladi.
Muzokaralarda ishtirok etayotgan AQSH rasmiysining aytishicha, Rubio va Uitkoff “urishni tugatishga yaqinlashish uchun ramka ishlab chiqarishda birgalikda ishlagan”.
Biroq so‘nggi 24 soat ichida Ukraina delegatsiyasi Londonda Tramp rejasini emas, balki 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha taklifni muhokama qilishni istaganini bildira boshlagan.
“Shundan so‘ng, davlat kotibi Londonga bormaslikka qaror qildi. Rubio “Ijtimoiy tarmoqda Britaniyalik hamkasbi bilan samarali muloqot o‘tkazganini” va London muzokaralaridan so‘ng “ishini davom ettirishni” kutmoqda.
Muzokaralar davom etmoqda va umid qilamizki, to‘g‘ri yo‘nalishdamiz”, — dedi seshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt.
Oxirgi xabarlarga ko‘ra, ayni paytda AQSH Ukrainaning hududiy masalada yon berishni istamasligidan g‘azabda.
Abdulloh Sayyid