Ma’lum qilinishicha, Londonda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasi AQSH tomoniga o‘z tinchlik takliflarini rasman taqdim etdi. Ukraina mazkur rejani “taslim bo‘lish emas, balki xalqaro huquq asosida tuzilishi kerak bo‘lgan hujjat” sifatida ko‘rmoqda, deya xabar bermoqda zamon.uz.
Ukraina tomonidan ilgari surilgan asosiy besh talab quyidagilar:
1. Qrim anneksiya qilingan hudud sifatida tan olinmasligi kerak. Ukraina ushbu yarimorolni hech qachon Rossiya hududi deb qabul qilmasligini ta’kidlamoqda.
2. Hududiy ustuvorlik evaziga aniq xavfsizlik kafolatlari talab qilinadi. Hatto vaqtincha yerlar ustidan nazorat yo‘qolgan taqdirda ham, buning o‘rniga xalqaro hamjamiyatdan qat’iy xavfsizlik kafolatlari olinishi lozim.
3. Ukraina global taraqqiyot markaziga qaytishi kerak. Mamlakat iqtisodiy, siyosiy va harbiy jihatdan xalqaro tizimga to‘liq integratsiyalashuvi muhim deb topilmoqda.
4. Agar Rossiya Qrimni saqlab qolsa, bu boshqa mintaqalarga ham tahdid soladi. Xususan, Turkiya, Ruminiya va Bolgariya xavfsizligi xavf ostida qolishi mumkin.
5. Ukraina o‘z mudofaa salohiyatini cheklashga rozi emas. Qurolli kuchlar va harbiy sanoatni cheklash Rossiyaning talablaridan biri bo‘lsada, Kiyev buni qat’iyan rad etmoqda.
Bu takliflar fonida Ukraina muzokaralar jarayonining faqat teng asosda va xalqaro huquq me’yorlariga asoslangan holda olib borilishini istamoqda.