AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Vatikan shahrida qisqa, 15 daqiqalik uchrashuv o‘tkazdi.
“Delo” gazetasi mazkur uchrashuvni “Ukraina va Yevropa uchun tinchlikka erishish yo‘lida hal qiluvchi sana” deb atadi.
“Rheinische Post” esa uchrashuv aks etgan suratlar Tramp tomonidan sahnalashtirilgani ehtimolini bildirdi, biroq shunga qaramay, bu uchrashuv “umid uchun sabab” bergani ta’kidlandi.
Nashr, shuningdek, Trampning ilgari Putin pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagani, ammo endilikda o‘z manfaatlari uchun pozitsiyasini o‘zgartirishi mumkinligini eslatdi.
“Kölner Stadt-Anzeiger” gazetasi Vatikan uchrashuvini ramziy kuchga ega deya baholab, oddiy stullarda o‘tkazilgan bu suhbat siyosiy mojarolar fonida umid uyg‘otganini qayd etdi.
Biroq “Bild” nashri ehtiyotkorona yondashdi. Gazetaga ko‘ra, Tramp uchrashuvdan keyin Rossiya haqida salbiy fikr bildirgan bo‘lsa-da, u Ukrainaga harbiy yordam bermasligi, faqat moliyaviy sanksiyalar bilan cheklanishi mumkin.
“Frankfurter Allgemeine Sonntagszeitung “ esa AQShning tinchlik muzokaralarida yetakchi rol o‘ynashiga ishonmayapti. Nashr fikricha, “Putinni to‘xtatish” majburiyati endi Yevropa va Germaniyaning yangi hukumatiga yuklanadi.