Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning rafiqasi, sobiq birinchi xonim Sara Alpisovna Nazarboyeva 84 yoshida Almatida vafot etdi, degan xabar tarqaldi. Bu haqda YEDILOV ONLINE telegram-kanali muallifi Yerbol Yedilov ma’lum qildi.
«Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning turmush o‘rtog‘i, 85 yoshga kirgan Sara Nazarboyeva olamdan o‘tdi. Yaqinlari va oilasiga chuqur ta’ziya bildiraman. Imoni salomat bo‘lsin», — deb yozdi Yedilov.
Biroq orqadan u mazkur postni o‘chirdi va Sara Alpisovna hali tirik ekanini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u avvalgi qora-oq suratni rangli tasvir bilan almashtirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sara Nazarboyeva so‘nggi kunlarda Almatidagi Prezident ishlari boshqarmasining Milliy gospitali (“Sovminka”)da tanasi og‘ir holatda bo‘lgan. Uning shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabar 2025 yil 5 may kuni paydo bo‘lgandi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, uning ahvolini qozog‘istonlik va xorijlik shifokorlar nazorat qilgan, biroq hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagani aytilmoqda.
Shuningdek, Qozog‘iston Majlisi deputati Daulet Muqayev ham uning vafoti haqida yozgan:
«Sara Alpisqizi dunyodan o‘tdi. Imon bayligini tilayman… Alloh panohida bo‘lsin», — deb, u ham qora-oq suratni ilova qilgan.
Biroq bu xabarga zid ravishda, jurnalist Aset Matayev Sara Nazarboyeva tirik ekanini bildirib, bu ajiotajni «Sovminka» hududiga Nursulton Nazarboyevning tashrifi bilan izohladi.
«Sara Alpisovna tirik. Unga Nursulton Nazarboyev tez-tez tashrif buyuradi. Buni bir necha ishonchli manbalar tasdiqladi», — dedi Matayev.
Ayni paytda, Sara Nazarboyevaning vafoti rasmiy ravishda tasdiqlanmagan.
Biografiya
Sara Nazarboyeva 1941 yil 12 fevralda tug‘ilgan. U Nursulton Nazarboyev bilan nikohda bo‘lib, uch nafar qizi bor. Yoshligida ishlab chiqarishda mehnat qilgan, keyinchalik iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgan.
1992 yilda “Bo‘bek” nomli xayriya jamg‘armasini tashkil qilgan, bu tashkilot yetim bolalarni qo‘llab-quvvatlash va maktablarda “O‘zini anglash” dasturini joriy etish bilan shug‘ullangan.
Faoliyati uchun qo‘shni va xalqaro tashkilotlar tomonidan bolalar huquqini himoya qilishdagi hissasi uchun mukofotlangan.
Sara Nazarboyeva 1991 yildan 2019 yilgacha Qozog‘istonning rasmiy birinchi xonimasi bo‘lgan. 2023 yilda ommaviy axborot vositalari uning qayta o‘zining qizlik familiyasi — Qonaqayga qaytganini xabar qilishgan. Manbalarga ko‘ra, oila a’zolari hozircha Almatida bo‘lishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 26 dekabrda BES.media telegram-kanali noto‘g‘ri ravishda uning vafoti haqida xabar bergan edi. Keyinroq tahririyat buni texnik xatolik deb izohlab, rasman uzr so‘ragan. O‘shanda Nursulton Nazarboyev matbuot xizmati Sara Nazarboyeva tirikligini rasman ma’lum qilgandi.
14 may 2025 yil kuni esa “Kursiv” nashri muxbiri Nikita Danilin “Sovminka” hududida haqiqiy vaziyatni aniqlash uchun borgan, biroq uni shifoxona hududidan chiqib ketishga majbur qilishgan va "muammolar bo‘lishi" bilan tahdid qilishgan.
Abdulloh Sayyid