AsosiyDunyo

Avstraliya shaharlarini suv bosdi

Kuchli suv toshqini oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi.

'Avstraliya shaharlarini suv bosdi'ning rasmi

Avstraliyada so‘nggi yillardagi eng falokatli suv toshqinlari kuzatilmoqda. Xususan, Yangi Janubiy Uelsda kuchli suv toshqini oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi va bir necha kishi bedarak yo‘qoldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, kuchli yomg‘ir kecha, 22 may kuni kechasi janubga siljib, Sidney va Nyukasl shaharlariga yetib borgan. Meteorologiya byurosi shtatning janubiy qismlari uchun ogohlantirish e’lon qilgan.

Yangi Janubiy Uels Favqulodda xizmati 24 soat ichida – mahalliy vaqt bilan 05:00 gacha bo‘lgan vaqt ichida 535 dan ortiq, toshqin boshlanganidan beri 670 dan ko‘proq qutqaruv ishlariga javob berganini ma’lum qilgan.

100 dan ortiq maktab suv toshqini tufayli yopilgan, minglab uy va korxonalar elektr energiyasidan mahrum bo‘lgan. Suv toshqinidan jabrlanganlar uchun evakuatsiya markazlari ochilgan.

O‘rta shimoliy qirg‘oqdagi Tari shahri eng ko‘p zarar ko‘rgan. 21 may kuni mintaqadagi yirik daryoda suv toshqini 6,3 metrdan oshgan va uning eng yuqori darajasi bo‘yicha deyarli bir asrlik rekordni yangilagan. Shtatning o‘rta shimoliy qirg‘og‘ida 10 mingga yaqin uyni suv bosishi xavfi bor.

“Biz yanada yomonroq yangiliklarga tayyormiz. Ajralib qolgan aholiga ta’minot yetkazib berish juda qiyin”, deydi Yangi Janubiy Uels bosh vaziri Kris Minns.

Minns, shuningdek, evakuatsiyaga tayyor hududlardagilarni agar imkoni bo‘lsa, ketishga chaqirgan. Ammo ba’zilari bunga imkoniyati yo‘qligini ham tan olgan.

“Ular keksalar, nogironlar, yosh bolalar bo‘lishi mumkin. Ammo agar biz ko‘pchilik odamlarni zarardan qutqara olsak, bu hammaning ishini ancha osonlashtiradi”, degan u.

    Boshqa yangiliklar