G‘azo sektoriga kecha tunda berilgan ikkita havo hujumi oqibatida 24 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Bu haqda "BBC" ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlar orasida markaziy G‘azo shahridagi maktabdan boshpana topgan oilalar ham bor.
Bu maktab — “Fahmi al-Jargavi” nomli o‘quv yurti — yuzlab odamlar, xususan “Beit Lahiya”dagi qochqinlar uchun yagona boshpana bo‘lgan.
Mazkur maktabga bomba tushganida, yonib ketgan sinfxonalardan 20 ta jasad chiqarilgan. Ularning ko‘pchiligi bolalar, ba’zilari esa tanib bo‘lmas darajada kuyb ketgan insonlar bo‘lgan.
Mahalliy fuqarolarning aytishicha, ushbu hodisani ko‘rganlar hushidan ketgan.
“O‘g‘lim jasadlarni ko‘rib, hushidan ketdi. Har tarafda olov, kuygan tanalar...” – dedi maktab ro‘parasida yashovchi fuqaro.
Internetda tarqalgan videolarda yong‘in ichida qolgan maktab, baqirayotgan bolalar, og‘ir jarohatlanganlar aks etgan.
Halok bo‘lganlar orasida “Hamas” politsiyasi tergov bo‘limi boshlig‘i Muhammad al-Kosih va uning butun oilasi ham bor.
Bu hujumdan sal oldin, yana bir zarba markaziy G‘azodagi uyga berilgan. Hujum oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Bu voqealar G‘azoning shimolida so‘nggi haftada boshlangan keng ko‘lamli Isroil hujumlarining bir qismi.