AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan hujumidan so‘ng o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida keskin bayonot bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “butunlay hushidan ketgan”.
“Men Vladimir Putin bilan doim yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ammo hozir u bilan nimadir sodir bo‘lgan — u mutlaqo hushsiz! U odamlarni, faqat askarlarni emas, tinch aholini ham behuda o‘ldiryapti”, — deb yozdi Tramp.
Trampga ko‘ra, Rossiya prezidenti faqat Donbass yoki boshqa hududlarni emas, balki butun Ukrainani egallashni ko‘zlamoqda.
“Agar u bunga jur’at etsa, bu Rossiyaning qulashiga olib keladi”, — deydi u.
Tramp Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish ehtimolini ham ko‘rib chiqayotganini bildirdi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Tramp tanqididan chetda qolmadi.
“U o‘z mamlakati uchun foydali ish qilmayapti. Uning og‘zidan chiqqan har bir so‘z muammo tug‘diryapti. Bu menga yoqmaydi, va bunday gaplar to‘xtashi kerak”, — degan Tramp.