Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida quduqdagi gazdan zaharlanib uch kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Darakchi.uz”ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, holat 22-may kuni soat 18:30 atrofida sodir bo‘lgan. Tumanning Do‘stlik mahallasida yashovchi 67 yoshli erkak xonadonidagi sizot suvlarini saqlovchi 5 metrlik quduqni tozalash maqsadida tushgan. Biroq unda hosil bo‘lgan zaharli gazdan nafas olishi oqibatida halok bo‘lgan.
Keyinchalik uni qutqarish maqsadida quduqqa tushgan 39 yoshli o‘g‘li va 46 yoshli qo‘shnisi ham gazdan zaharlanib vafot etgan. Ularni qutqarish uchun tushgan yana ikki kishi ham zaharli gazdan nafas olishi oqibatida sog‘ligi yomonlashib, hushini yo‘qotgan.
Sayxunobod tuman FVB xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan yordami sababli ota, o‘g‘il va qo‘shnining murdasi hamda zaharli gazdan hushini yo‘qotgan ikki fuqaro quduqdan olib chiqilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli ularning hayoti saqlab qolingan va tuman tibbiyot birlashmasiga joylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Sayxunobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.