Germaniyada xalqaro talabalar Garvard universitetida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Bunday taklifni Germaniya Federativ Respublikasining madaniyat vaziri Volfram Vaymer ilgari surdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, nufuzli AQSh universiteti mamlakat hududida “surgundagi kampus” tashkil etishi mumkin.
Bu taklif AQShda Donald Tramp ma’muriyati tomonidan xorijiy talabalarni Garvardga qabul qilish taqiqlangach ilgari surilgan. Vazir Germaniyaning so‘z va matbuot erkinligi, sifatli ta’lim va ochiqlik tamoyillariga sodiq ekanini ta’kidladi.
“Biz san’at va so‘z erkinligiga, ochiq muhokama va xilma-xillikka ishonamiz. Garvard va boshqa Amerika universitetlarining talabalari Germaniyada mamnuniyat bilan kutib olinadi”, — deydi Vaymer Bloomberg nashriga bergan intervyusida.