AsosiyDunyo

"Vakolat muddatim tugamoqda"

Ilon Mask davlat ishidan ketishini e’lon qildi.

'"Vakolat muddatim tugamoqda"'ning rasmi

Milliarder va AQSH hukumati samaradorlik departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask Amerika ma’muriyatidagi vakolatlari muddati tugayotganini aytdi va prezident Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi.

"Maxsus davlat xizmatchisi sifatidagi vakolat muddatim yakuniga yetayotgani sababli, prezident Donald Trampga isrofgarchiliklarni kamaytirish imkoniyati berilgani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman", – deb yozdi u o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida.

Tadbirkor o‘zi boshqargan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) "missiyasi" kelajagiga shubha qilmasligini qo‘shimcha qildi. Uning fikricha, u "vaqt o‘tgan sari kuchayadi, butun hukumat uchun hayot tarziga aylanadi".

"DOGE missiyasi vaqt o‘tishi bilan faqat mustahkamlanadi, chunki u barcha davlat hokimiyati organlarida hayot tarziga aylanadi", – deya qo‘shimcha qildi u.

Bir kun avval Mask CBS telekanaliga bergan intervyusida Trampning soliq va budjet bo‘yicha "katta va chiroyli" qonunidan hafsalasi pir bo‘lganini aytgandi. Uning fikricha, qonun xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha sa’y-harakatlarga putur yetkazadi va budjet taqchilligi oshishiga olib keladi.

Tramp ikkinchi bor prezidentlikka saylangach, Maskni "maxsus davlat xizmatchisi" etib tayinlagandi, bu unga davlat uchun yiliga 130 kun ishlash imkonini berdi. 20 may kungi inauguratsiyadan hisoblaganda, bu muddat may oyi oxiriga kelib tugardi.

So‘nggi voqealar Oq uy payshanbaga o‘tar kechasi Tesla va SpaceX asoschisini davlat xizmatchisi lavozimidan bo‘shatish bo‘yicha rasmiy jarayonni boshlaganini ko‘rsatmoqda.

Reuters o‘z manbalariga tayanib, Mask iste’foga chiqishini e’lon qilishdan oldin Tramp bilan gaplashmaganini xabar qilgan. Shu bilan birga, ularning so‘zlariga ko‘ra, qaror "oliy darajada" qabul qilingan.

Shuningdek, agentlik manbasining aytishicha, Maskning ketishi "tez va qandaydir marosimlarsiz" kechgan.

Aprel oyida Mask o‘z kompaniyalarida ko‘proq ishlashni rejalashtirayotganini, DOGE uchun esa haftasiga atigi bir-ikki kun ajratishini aytgandi. Keyinchalik u siyosiy loyihalar uchun xayriyalarni kamaytirishni rejalashtirayotganini aytdi.

Mask DOGE o‘z oldiga qo‘ygan barcha maqsadlariga erisha olmaganida AQSHda ildiz otgan byurokratiyani ayblagan, biroq AFP ta’kidlashicha, uning avtoritar uslubi va Vashingtondagi joriy siyosiy jarayonlardan bexabarligi ham muhim rol o‘ynagan.

"Federal byurokratiya bilan bog‘liq vaziyat men o‘ylagandan ham yomonroq, – degandi u. – Muammolar borligini bilardim, lekin yumshoq qilib aytganda, Vashingtondagi vaziyatni yaxshilash juda qiyin vazifa".

Mask o‘n minglab odamlar davlat xizmatidan bo‘shatilgani, bir qancha agentlik va idoralar qisqartirilgani yoki yopilganiga qaramay, barcha maqsadlariga erisha olmaganini tan olgan.

    Boshqa yangiliklar