Fransiyada sobiq jarroh Joel Le Skvarnek 25 yil davomida 299 nafar bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani uchun 20 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu Fransiya tarixidagi eng yirik bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ishi hisoblanadi.
Le Skvarnek 1989 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davrda asosan 15 yoshga to‘lmagan bemor bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan. Ko‘plab holatlarda qurbonlar anesteziya ostida yoki jarrohlik amaliyotidan keyin hushiga kelayotgan paytda bo‘lgan. Uning qurbonlari orasida o‘z nabirasi ham bor.
2017 yilda qo‘shnisining 6 yoshli qizchasi unga nisbatan zo‘ravonlik qilinganini aytgach, politsiya Le Skvarnekni hibsga oldi. Uning uyidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari haqidagi kundaliklar, 300,000 dan ortiq pornografik rasmlar va bolalar o‘lchamidagi jinsiy qo‘g‘irchoqlar topildi.
Le Skvarnek 2020 yilda to‘rt nafar bolaga nisbatan zo‘ravonlik qilgani uchun 15 yilga qamalgan edi. Yangi hukm unga nisbatan qo‘shimcha jazo sifatida berildi. Fransiya qonunlariga ko‘ra, u jazoni ikki uchdan kamida o‘tashi kerak va 2030–2033 yillar oralig‘ida ozodlikka chiqishi mumkin.
Bu ish Fransiyadagi tibbiy muassasalar va sud organlarining nazoratsizligi va mas’uliyatsizligini ko‘rsatdi. 2005 yilda bolalar pornografiyasi uchun shartli jazo olganiga qaramay, Le Skvarnek shifoxonalarda ishlashda davom etgan. Jamoatchilik va jabrlanuvchilar uning sobiq rafiqasi Mari-Frans Le Skvarnekni ham uning jinoyatlarini yashirganlikda ayblashmoqda.
Jabrlanuvchilar va huquq faollari 20 yillik jazoni yetarli emas deb hisoblashmoqda va Fransiyada jinsiy zo‘ravonlik uchun jazolarni kuchaytirishni talab qilishmoqda. Bu ish mamlakatda bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikka qarshi kurashda tizimli islohotlarni amalga oshirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Abdulloh Sayyid