Toshkent viloyatidagi “Navoiy” chegara bojxona postida 1,1 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari yashirincha olib o‘tishga urinish fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Navoiy” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro bojxona nazoratidan o‘tayotgan vaqtida shubhali xatti-harakatlar qilgan. Shu sababli u bojxona xodimi tomonidan shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Ko‘rik natijasida fuqaroning ichki jinsiy a’zolari ichida og‘irligi 1 kg 13 gramm bo‘lgan zargarlik buyumlari borligi aniqlangan. Ashyoviy dalil sifatida olingan mazkur tilla taqinchoqlarning jami qiymati 1,1 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.