Ijtimoiy tarmoqlarda bir yigit hovuzdagi baliqni qo‘li bilan ushlagani va unga e’tiroz bildirgan ayolni haqorat qilganligi aks etgan video tarqaldi.
IIBBning ma’lum qilishicha, mazkur holat joriy yilning 23 iyun kuni soat 22:00 atrofida Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan istirohat bog‘larining birida sodir bo‘lgan. Unda 2003 yilda tug‘ilgan M.Sh. hovuzdagi baliqni suvdan chiqargan holda qo‘li bilan ushlab olgan.
Uning bu harakatiga 2000 yilda tug‘ilgan D.A. e’tiroz bildirgan va baliqni suvga qo‘yib yuborishini so‘ragan. Biroq M.Sh. jamoat joyida bo‘la turib, D.A ga uyatli so‘zlar bilan so‘kinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan buzgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB tomonidan fuqaro M.Sh. ga nisbatan MJtKning 183-moddasi ("Mayda bezorilik") alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga yuborilgan.