Niderlandiya va Norvegiya Polsha havo hududini NATO doirasida patrullashni boshlaydi. Bu haqda Niderlandiya mudofaa vaziri Ruben Brekelmans X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu qadam Rossiyani tiyib turish va Ukraina uchun muhim ta’minot yo‘llarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Brekelmans, shuningdek, Niderlandiya va Polsha o‘rtasida harbiy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yangi kelishuv imzolangani, bu esa birgalikdagi mashg‘ulotlar sonining oshishi, havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlash va mudofaa sanoatidagi aloqalarni kengaytirishni nazarda tutishini aytdi.
Norvegiya esa 30 iyun kuni F-35 rusumidagi qiruvchi samolyotlarini Polshaga yuborishini e’lon qildi. Norvegiya Mudofaa vazirligining bildirishicha, bu hissa NATOning integratsiyalashgan havo va raketaga qarshi mudofaa tizimi doirasida ko‘rilayotgan choralar qatoriga kiradi.
F-35’lar ayniqsa Jeshuv-Yasenka aeroporti atrofi va Polsha havo hududida xavfsizlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.