Aden qo‘rfazida Efiopiyadan kelayotgan muhojirlar qayig‘i agdarilib, kamida 68 nafar odam halok bo‘ldi. Yana 74 nafari bedarak yo‘qolgan, faqat 12 kishi omon qoldi.
Kecha, 3 avgust kuni Yaman janubidagi Abyan viloyati yaqinida 154 kishini olib ketayotgan qayiq agdarilib ketdi.
“Associated Press”ning yozishicha, fojia oqibatida 68 kishining jasadi qirg‘oqqa chiqib qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchilar asosan Efiopiya fuqarolari bo‘lgan.
Afrikadan Fors qo‘rfazi davlatlariga yo‘l olgan muhojirlar ko‘pincha Jibuti va Eritreyadan Yaman orqali o‘tadi. Xalqaro migratsiya tashkiloti Ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda shu xavfli yo‘ldan 60 mingdan ortiq odam o‘tgan. Iyunda ham shunga o‘xshash halokatda 49 muhojir halok bo‘lgan edi.