AsosiyJinoyat

Jizzaxda yerni "Olx"da yarim milliard so‘mga sotmoqchi bo‘lgan "uddaburon" ushlandi

Davlat yerini noqonuniy sotishga uringan fuqaro 70 million jarimaga tortildi.

'Jizzaxda yerni "Olx"da yarim milliard so‘mga sotmoqchi bo‘lgan "uddaburon" ushlandi'ning rasmi

Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi fuqaro otasidan qolgan, hokimlik zahirasidagi yerni internetdagi platforma orqali yarim milliard so‘mga sotishga uringan fuqaro sud qilindi. Uddaburon ushbu qilmishi uchun 70 million so‘m jarimaga tortildi.

Ma’lum bo‘lishicha, u moddiy manfaatchi bo‘lish maqsadida Baxmal tumanining “Nushkent” mahallasi Jo‘m-jo‘m qishlog‘idagi 0,48 gektar tomorqani kelgusida o‘zboshimchalik bilan egallab olib, internetdagi “Olx” savdo platformasida 500 million so‘mga sotishga urindi.

Fuqaro “Baxmalda 100 sotix bog‘ dacha bor, shuni 500 mln so‘mga sotaman”, deb e’lon qoldirgan. Aloqaga chiqqan fuqaroga kadastr hujjatlarida hech qanday muammo yo‘qligini aytgan.

Shundan so‘ng fuqaro xaridor bilan 485 million so‘mga kelishib, Jizzax shahri hududidagi “Davlat xizmatlari markazi”ga qarashli avtoturarjoyda pulni sanab olgan. Shu paytda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jizzax viloyat boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Fuqaroning ushbu qilmishi 2025 yilning 31 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tuman sudida ko‘rib chiqildi. Sudya davlat yerini noqonuniy sotishga uringan uddaburon qilmishini ko‘rib chiqib, uni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan aybdor deb topdi va fuqaroni 70 million so‘m jarimaga tortdi.

    Boshqa yangiliklar