AQSh Davlat departamenti xorijiy fuqarolar uchun viza berish jarayonida depozit garovi asosida yangi pilot dastur boshlanganini e'lon qildi. Bu haqda rasmiy bayonotga tayanib, xorijiy OAVlar xabar bermoqda. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Dastur faqatgina B-1 (ishbilarmonlik) va B-2 (sayyohlik) vizalari toifasiga tegishli bo‘lib, u vizasi muddati tugaganidan keyin AQShda qolib ketish holatlari ko‘p uchraydigan davlatlar fuqarolariga nisbatan tatbiq etiladi.
Ushbu mexanizmga ko‘ra, viza arizachilari AQShga kirishdan oldin 15 ming dollargacha naqd garov pulini to‘laydi. Shaxs AQShdan belgilangan muddatda chiqib ketgan taqdirda, garov mablag‘i to‘liq qaytariladi.
Mazkur tajriba dasturining asosiy maqsadi — immigratsiya tartib-qoidalarining buzilishi oldini olish va vizaning suiiste'mol qilinishiga qarshi kurashishdan iborat.