Ohangaronda uch qiz suv omboriga borib cho‘kib ketdi. Ulardan 2 nafar o‘lgan, 1 nafari esa qutqarib qolingan. Bu haqda Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Darakchi.uz'ga xabar berdi.
Bildirilishicha, Angren shahrida yashovchi qizlar Ohangaronda yashovchi dugonasining uyiga mehmonga kelgan. Mezbon qiz dugonalarini Ohangaron suv ombori hududiga sayrga olib borgan. Ular suvning qirg‘oq qismiga tushishgan. Ammo suv osti qumligi tufayli qaytib chiqa olishmagan. Bir-birini qutqarish maqsadida qilgan harakatlari ish bermasdan, qizlarning ikki nafari cho‘kib ketgan.
Voqea 28 iyul kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni soat 14:20 larda Ohangaron tuman IIB Navbatchilik qismiga Ohangaron suv omborining qirg‘oq qismida cho‘milayotgan qizlar suvdan qaytib chiqmasdan, bedarak yo‘qolgani haqida xabar kelib tushgan. Bular Angren shahrida yashovchi 2006 yilda tug‘ilgan D.P., 2009 yilda tug‘ilgan D.A. va Ohangaron tumanida yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan N.E. bo‘lgan. 2 nafar qiz cho‘kib o‘lgan, 1 nafari esa qutqarib qolingan.
FVV Ohangaron tuman bo‘limi xodimlari olib borgan qidiruv ishlari davomida D.P.ning murdasi 28 iyul kuni soat 20:00 larda, N.E.ning murdasi esa 29 iyul kuni ertalab topilgan. O‘lim sabablarini aniqlish uchun sudga oid tibbiy ekspertizalar tayinlangan.
Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.