2025 yil 24 sentyabrda Toshkent viloyatining bir necha tumanidagi davlat bog‘chalarda ikki mingga yaqin bola ommaviy zaharlangandi. 30 sentyabr soat 14:00 holatiga ko‘ra, shifoxonaga yotqizilgan bolalarning asosiy qismi to‘liq sog‘ayib, oilalari bag‘riga qaytgan. Bu haqda Sanepidqo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Hozirgi vaqtda faqat uch nafar tarbiyalanuvchi shifokorlar nazoratida qolmoqda. Ular asosiy holatdan to‘liq sog‘aygan bo‘lib, davolash jarayonida ularda oldindan mavjud kasalliklar aniqlangani sababli, qo‘shimcha tibbiy kuzatuv ostida qoldirilgan. Bu bolalarning ham ahvoli barqaror va yaqin kunlarda uylariga javob beriladi”, degan qo‘mita mas’uli.
Shu bilan birga, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ham holat yuzasidan bayonot berdi. Vazirlik davolash jarayonlari shifokorlar nazoratida samarali tashkil etilgani va bolalar o‘z oilalari bag‘riga qaytganini bildirgan.
“2 oktyabrdan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini odatiy ish rejimida davom ettirmoqda. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ayrim bog‘chalarimizda umumiy ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar tomonidan autsorsing tizimi orqali yo‘lga qo‘yilgan. Shartnomalarda sanitariya talablari va me’yorlariga qat’iy rioya qilish belgilangan. Shu bilan birga, Vazirlik o‘z mas’uliyatini chuqur his qiladi va nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytiradi”, deyiladi manbada.
Vazirlik huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda voqea tafsilotlari har tomonlama o‘rganilayotganini qayd etgan. Kamchiliklar anidlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi yoki bekor qilinishi ma’lum qilingan.
“Joylarda ko‘rsatilayotgan autsorsing xizmatlari sifati ustidan nazorat tizimi yanada kuchaytiriladi. Bu jarayonga ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi ham jalb etilib, ularning xulosalari jamoatchilikka muntazam etkazib boriladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Bundan avval Nurmat Otabekov jami 1 922 nafar bola, jumladan, bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar ham tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganini ma’lum qilgandi. Ulardan 959 nafarida klinik belgilar kuzatilmagani sababli uylariga javob berilgan. Keyingi davr mobaynida yana 269 nafar bola sog‘ayib, uyiga qaytarilgan.
Toshkent viloyatining bir qator bog‘chalarida bolalar zaharlanishi bilan bog‘liq holat yuzasidan 7 kishi qamoqqa olingan. Ularning 2 nafari bolalar zaharlanishiga sabab bo‘lgan mahsulot ishlab chiqaruvchilari bo‘lsa, qolganlari autsorsing bilan shug‘ullangan kompaniya vakillari.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Narimon Umarov usbu voqea yuzasidan bosh prokurorga deputatlik so‘rovi jo‘natgandi.