Andijon viloyati Shahrixon tumanida qarzdor ota M.Y. farzandining moddiy taʼminoti uchun bir yo‘la 6200 AQSh dollari (taxminan 74 million so‘m) miqdorida aliment to‘ladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudi qaroriga asosan, ota har oyda daromadining 1/4 qismini aliment sifatida to‘lab borishi belgilangan. Ammo u o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirmagani sababli, MIB tomonidan unga nisbatan O‘zbekistondan chiqish huquqi cheklangan.
Xorijga chiqish istagida bo‘lgan qarzdor, cheklovlarni bekor qilish maqsadida farzandi uchun aliment pullarini oldindan to‘lab berishga qaror qilgan. Natijada, taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilib, qarzdor tomonidan 6200 dollar to‘landi va unga nisbatan qo‘llangan cheklovlar bekor qilindi.