Rimdagi mashhur Kolizey o‘z sirlaridan birini ilk bor dunyoga ochmoqda: “Kommod yo‘lagi” deb atalgan yashirin imperatorlar yo‘lagi 2025 yil 27 oktyabrdan boshlab sayyohlar tashrifiga ochiladi.
Bu tunnel Rim imperatorlarini xaloyiq va sui-qasdchilardan himoya qilgan holda bevosita Kolizeydagi shaxsiy kuzatuv joyiga olib borgan.
Yo‘l nomini mashhur va mash’um imperator Kommoddan olgan. U gladiator sifatida janglarda ishtirok etgan va aynan Kolizeyda hayvonlarga qarshi kurashgan. Shu bilan birga, yo‘lakning o‘zi ham tarixiy bezaklarga boy — devorlarida yovvoyi hayvonlar ovlari, hayvonlar jangi tasvirlari aks ettirilgan.
Arxeologlar bu yo‘lakni 19-asr boshlarida qayta kashf etgan, ammo u faqat 2024 yilda restavratsiyadan so‘ng sayyohlar uchun tayyor holatga keltirildi. Rim me’morlari yo‘lakni asl holicha saqlab qolishga harakat qilgan: zamonaviy yoritish tizimi va xavfsiz yo‘lak qo‘shilgan, lekin qolgan qismlar deyarli 2000 yil avvalgidek.
Restavratsiyani boshqargan me’mor Barbara Nazzaroga ko‘ra, tashrif buyuruvchilar hozirda “imperator kabi Kolizeyga kirib kelish hissini” boshdan kechirishlari mumkin. Virtual tiklash ishlari orqali yo‘lak devorlaridagi rasm va naqshlar, marmar bezaklar aniq ko‘rinadi.
Tarixni sevuvchilar va antik Rim sirlariga qiziqqanlar uchun bu noyob imkoniyat bo‘lib, qadimiy imperatorlar qanday yashaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish imkonini beradi.