Sudlarda ko‘rilayotgan fuqarolik ishlari salmog‘i qancha? Qaysi yo‘nalishlarda ko‘proq da’vo arizalari kelib tushmoqda?
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov shu kabi savollarga javob berdi:
– 2025 yilning 9 oyida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 8,2 trillion so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 1 million 135 ming 823 sud buyrug‘i chiqarildi.
Ular asosan voyaga yetmagan bolalar uchun aliment, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlik to‘lovlari va boshqalarni tashkil etdi.
Shuningdek, 472 ming 932 fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, ularning 365 ming 164 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirilgan. 56 ming 804 tasi bo‘yicha talablar qanoatlantirishdan rad qilingan. 45 ming 682 tasi bo‘yicha da’volar ko‘rmasdan qoldirilgan bo‘lsa, 5 ming 282 tasi bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.
Ko‘rib tamomlangan fuqarolik ishlardan 151 ming 519 tasi bitimlar, 52 ming 507 tasi nikohdan ajratish, 19 ming 493 tasi uy-joy munosabatlari, 14 ming 595 tasi alohida toifadagi ishlar, 9 ming 116 tasi o‘zboshimcha bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzish, 2 ming 835 tasi otalikni belgilash bilan bog‘liq va boshqa toifadagi ishlarni tashkil qildi.
Nikohdan ajratishga oid ko‘rilgan ishlar tahligiga ko‘ra, ko‘rib tamomlangan ishlarning 27 ming 578 tasi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan (nikohlar bekor qilingan), 18 ming 430 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, 4 ming 658 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan hamda 1 ming 841 ta da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.
2 ming 375 ishga tiklashga doir ko‘rib tamomlangan ishlarning mingdan ziyodi bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan. 911 tasi bo‘yicha da’vo talablarini qanoatlantirish rad etilgan, 361 tasi ko‘rmasdan qoldirilgan hamda 50 da’vo bo‘yicha ishni yuritish tugatilgan.
Viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlari tomonidan apellyatsiya tartibida 9 ming 672 ish ko‘rib chiqildi.
Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 1 ming 720 qaror bekor qilinib, 587 sud qarori o‘zgartirildi. Kassatsiya tartibida 6 ming 357 ish ko‘rib chiqildi.
Birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 1 ming 243 qaror bekor qilinib, 541 sud qarori o‘zgartirildi. Taftish tartibida 4 ming 267 ish ko‘rib chiqildi.
Quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan 363 qaror bekor qilinib, 106 sud qarori o‘zgartirildi.
Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 257 ish ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 130 qaror bekor qilinib, 35 sud qarori o‘zgartirildi.