Isroil armiyasining ma'lum qilishicha, Gʻazoning janubidagi Rafah hududida HAMAS jangarilari harbiylarga qarata oʻt ochgan. Shundan soʻng Isroil aviatsiyasi "terrorchilik nishonlari"ga zarba berganini bildirgan. Harbiylar vakiliga koʻra, zarbalarning davom etishi mumkin.
Turli manbalarga koʻra, hujumlar natijasida 3 dan 11 nafargacha kishi halok boʻlgan.
HAMAS esa oʻz navbatida Isroilni sulhni buzishda aybladi va 10 oktyabrdan beri 38 nafar falastinlik Isroil hujumlarida halok boʻlganini bildirdi. Ular, shuningdek, Isroilga topshiriladigan bir garovdagi fuqaroning jasadi topilganini, biroq yangi hujumlar qutqaruv ishlarini toʻxtatib qoʻyishi mumkinligini taʼkidlagan.
Isroilda bir nechta yuqori lavozimli amaldorlar zarbalarning qayta boshlanishini qoʻllab-quvvatladi. Diaspora ishlari boʻyicha vazir Amihay Chikli: "HAMAS mavjud ekan — urush davom etadi", dedi. Siyosatchi Yair Golan esa: "HAMASga qarshi qat'iy javob berish kerak. Oʻyin qoidalari shunday oʻrnatiladi", — deb yozdi.