Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 80 nafardan ortiq tibbiyot xodimiga to‘lanishi kerak bo‘lgan kafolatlangan to‘lovlar berilmagan. Bu haqda Adliya vazirligi axborot berdi.
Tuman sog‘liqni saqlash bo‘limida mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi holati o‘rganilganda, ish beruvchi tomonidan shartnoma bekor qilinishidan oldin xodimlar og‘zaki ravishda ogohlantirilgani, lekin ishdan bo‘shatilgan holda ishsiz yurgan xodimlarga belgilangan to‘lovlar amalga oshirilmagan ma’lum bo‘lgan.
Mehnat Kodeksining 100-moddasiga ko‘ra, ish qidirish davrida ikki oygacha o‘rtacha ish haqi saqlanishi kafolatlangan. Shu asosda 82 nafar tibbiyot xodimiga jami 574 million 336 ming 165 so‘m to‘liq undirib berildi.
Avvalroq O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv joriy etilishi ma’lum qilingan edi.
Shuningdek, 2025 yilning III choragida Head Hunter platformasida taklif etilgan oylik maoshlar o‘rtacha 20,2 foizga kamaygan, ayrim sohalarda esa ish haqi 72 foizgacha qisqargan.