AQSh Senatida Rossiyaga qarshi keskin iqtisodiy sanksiyalarni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqilishi prezident Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvgacha kechiktirildi. Bu haqda respublikachilar yetakchisi Jon Tyun "Bloomberg" nashriga bergan intervyusida ma'lum qildi.
"Biz hozircha pauza tugmasini bosdik", — dedi Tyun.
Sanksiyalar loyihasi senatorlar Linsi Grem va Richard Blumental tomonidan 2025 yilning aprelida taklif qilingan. Hujjatda Rossiya Ukraina bilan uzoq muddatli tinchlikka rozi bo‘lmagan taqdirda, uning neft', gaz, uran va boshqa xomashyo eksportiga 500 foizlik boj joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Gremning aytishicha, ushbu "halokatli" sanksiyalarni Senatdagi 100 a'zoning 80 nafari qo‘llab-quvvatlashga tayyor edi. Biroq Senatning yozgi tanaffusi va Trampning Ukraina borasidagi bayonotlari ortidan loyihaning ilgari surilishi vaqtincha to‘xtatildi.
Endilikda sanksiyalarni joriy etish bo‘yicha so‘nggi qaror Trampning o‘ziga qoldirilgan. Prezident ularni farmon orqali ham kuchga kiritishi mumkin.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga javoban, Rossiya allaqachon ko‘plab sanksiyalar ostida yashayotganini va natijada "immunitet" shakllanganini ta'kidladi.
Tramp va Putin Budapeshtda uchrashishi kutilmogda. Uchrashuvning asosiy mavzusi — Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘ladi.