AQSh va Janubiy Koreya bojxona bojlari bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda bugun, 29 oktyabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp mamlakata tashrifi chog‘ida ma’lum qildi.
“Biz kelishuvga erishdik”,— deydi Amerika Prezidenti.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya vakillari bilan uchrashuvda “ko‘plab qarorlar qabul qilingan”.
“Bojxona bojlari bo‘yicha kelishuv yakuniy bosqichga yaqinlashmoqda, shuningdek, biz milliy xavfsizlikning muhim masalalarini ham muhokama qildik. Ayrim juda muhim bandlar bo‘yicha kelishuvga erishdik”, — deydi respublikachi.
Tramp tashrif davomida mamlakat Prezidenti Li Chje Myon bilan Kyongju Milliy muzeyida tushlik qilgan va oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, sammit deyarli bir yarim soat davom etgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyi boshida Tramp AQSh 1 avgustdan boshlab Yaponiyadan va Janubiy Koreyadan AQSh bozoriga olib kiritiladigan barcha tovarlarga 25 foizlik yagona import boji joriy etishini e’lon qilgan edi. Respublika partiyasidan saylangan Prezidentning aytishicha, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan doimiy savdo nomutanosibligi “AQSh iqtisodiyoti va milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda”.
31 iyul kuni esa AQSh rahbari Janubiy Koreya bilan savdo kelishuviga erishilganini va bu mamlakat uchun bojxona stavkasi 15 foizni tashkil etishini ma’lum qildi. Trampning aytishicha, Seul Vashingtonga “AQShga tegishli va Prezident sifatida shaxsan uning tomonidan tanlangan investitsiyalar uchun” 350 milliard dollar ajratadi. Bundan tashqari, Janubiy Koreya Qo‘shma Shtatlardan 100 milliard dollarlik suyultirilgan tabiiy gaz va boshqa energiya resurslarini xarid qiladi.






