AsosiyDunyo

AQSh Prezidenti Venesueladagi aerodrom va portlarga havo hujumlari tayyorlamoqda

Manbalarga ko'ra, so'z Venezuelaning harbiy-dengiz bazalari va uchish-qo'nish yo'laklari joylashgan aerodromlar haqida ketmoqda

'AQSh Prezidenti Venesueladagi aerodrom va portlarga havo hujumlari tayyorlamoqda'ning rasmi

AQSh Prezidenti Donald Trump ma'muriyati Vashington tomonidan AQShga narkotiklar olib kirishda ayblanayotgan Venezuela rahbari Nicolas Maduga bosimni kuchaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, Oq uy Venezueladagi bir qator nishonlarga, jumladan, “narkokartellar va Maduro rejimi ta'sir doirasidagi ob'ektlar”ga havo hujumlari tayyorlayapti. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, so‘z Venezuelaning harbiy-dengiz bazalari va uchish-qo‘nish yo‘laklari joylashgan aerodromlar haqida ketmoqda, ular noqonuniy narkotrafikka aloqador deb taxmin qilinmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Trump bir hafta avval Venezueladagi yerusti nishonlariga zarba berish rejasini e'lon qilgan bo‘lsa-da, hali yakuniy qarorni qabul qilmagan, ammo hujum ob'ektlari allaqachon aniqlangan.

“Prezident Trump Madurga aniq ogohlantirish bergan – narkotiklar va jinoyatchilarni mamlakatimizga yuborishni to‘xtating. Prezident narkotik oqimini to‘xtatish uchun Amerikada mavjud barcha resurslarni ishga solishga tayyor”, deydi Oq uy vakili Anna Kelli.

WSJning yozishicha, Venezuela armiyasi zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlariga ega, jumladan, Russiyada ishlab chiqarilgan S-300 zenit-raketa komplekslarining to‘rtdan oltitagacha nusxasi va ko‘plab ko‘chma zenit qurollari mavjud. Mutaxassislar bu tizimlar AQSh harbiy samolyotlarini aniqlash va urib tushirish imkoniyatiga ega ekanini ta'kidlaydi. Nashrga ko‘ra, AQSh harbiy aviatsiyasi so‘nggi paytlarda Venezuela chegaralari yaqinida havo mudofaasi tizimlarini xaritalash maqsadida parvozlarni kuchaytirgan.

O‘tgan hafta Maduro mamlakatda Russiyada ishlab chiqarilgan 5 mingga yaqin “Igla-S” ko‘chma zenit raketa tizimlari mavjudligini bildirgan va ular “havo mudofaasi uchun muhim pozitsiyalarda joylashtirilganini” aytgan. Parvozlarni kuzatish xizmatlariga ko‘ra, o‘tgan dam olish kunlarida Karakasga AQSh sanksiyalari ostidagi Rossiya harbiy samolyoti borgan.

Qayd etish joiz, joriy yilning sentyabr oyi boshidan beri AQSh harbiylari Karib dengizida giyohvand moddalar tashigan deb gumon qilingan kemalarga bir necha bor zarba bergan, oqibatda qariyb 40 kishi halok bo‘lgan. Pentagon ularning ba'zilarining Venezuela fuqarolari bo‘lganini tasdiqlagan. O‘tgan hafta esa Trump Karib havzasiga zarba beruvchi kemalar hamrohligida aviatashuvchi kema guruhini yuborgan.

Ehtimoliy zarbalar arafasida Trump ma'muriyati Maduro rejimini AQShni giyohvand moddalar bilan to‘ldirishga intilayotgan narkotrafik va terroristik tashkilot rahbari sifatida ko‘rsatish kampaniyasini boshlab yubordi. Venezuela Prezidenti bu ayblovlarni rad etib, AQSh mamlakatning tabiiy boyliklarini – neft, gaz va oltinni egallamoqchi ekanini aytdi. U, shuningdek, 15 ming askarni safarbar qilganini ma'lum qildi.

    Boshqa yangiliklar