Surxondaryoda "jazoni yengillatish" va "qamoqdan chiqarish" evaziga mijozidan 60 ming AQSh dollari talab qilgan advokatga nisbatan sud hukmi o‘qildi.
Aniqlanishicha, Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yurituvchi "SXM" advokatlik hay’ati advokati R.N. usbu tumandagi IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi "a" bandi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan ish qo‘zgatilib, ishi sudda ko‘rilayotgan J.Q.ning akasi O.Ch.dan 60 ming dollar pora talab qilgan. Bu pullar evaziga esa tanishlari orqali ukasining jazosini "yengillatish"ni va’da qilgan.
2025 yilning 11 iyul kuni DXX va prokuratura organlari xodimlari tomonidan Jarqo‘rg‘on tumani "Surxon sohili" mahallasida tezkor tadbir o‘tkaziladi. Unda R.N. talab qilgan pulidan 50 000 AQSh dollarini o‘zining xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanadi.
"Bir necha yildan buyon advokat sifatida fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha fuqarolarga yordam ko‘rsatib kelaman. O.Ch. bilan suhbat davomida ayrim detallarni eshitib, tajribamdan kelib chiqib, ukasi ochiqqa chiqarilish mumkin, deb o‘ylagandim. Shu sababli unga sudda qatnashib berishimni, buning uchun shartnoma qilinishini bildirgandim. Xizmat haqi sifatida 15 000 AQSh dollari so‘ragandim", dedi sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tumani sudi tomonidan R.N. Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (firibgarlik) va 28,211-moddasi 3-qismi "a" bandi (pora berish) aybli deb topildi. Unga 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, 2 yil muddatga advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilindi.






