O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga belgilangan ish vaqtidan tashqari ishlaganlik uchun mehnatga haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan tuzatishlar qabul qilindi.
Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonun bilan qonun hujjatlariga Migratsiya agentligining vakolatlarini aniqlashtirish, xususiy bandlik agentliklarining huquq va majburiyatlarini kengaytirish, shuningdek ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklariga quyidagi huquqlar berildi:
— ish qidirayotgan shaxslarni kasb-hunar va chet tillarga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslarini belgilangan tartibda tashkil qilish, shuningdek ushbu jarayonga chet ellik ish beruvchilarni jalb etish;
— zaxira qilinadigan mablag‘larni tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirish hisobidan olinadigan foiz daromadlarini mustaqil ravishda tasarruf etish.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishning davomiyligi yiliga 120 soatdan oshmasligi to‘g‘risidagi talab chiqarib tashlandi.
Shuningdek, ish vaqtidan tashqari ishning 1 kundagi birinchi 2 soati uchun kamida 1,5 hissa miqdorida, 2 soatdan ortiq qismi uchun kamida 2 hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilandi.






