Braziliyaning "Araguaina" klubi futbolchisi Vanderson Barros de Souza ukasi ov miltig'ini tozalayotganda tasodifan otib yuborgan o'qdan halok bo'ldi. Hodisa uylarida sodir bo'lgan.
Poder Goias nashri ma'lumotiga ko'ra, fojia 9 noyabr kuni Aragoyaniya shahrida ro'y bergan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, 16 yoshli uka ov miltig'ini tozalayotganda ehtiyotsizlik bilan tepkini bosib yuborgan. O'q Vandersonning bo'yniga tekkan va u voqea joyida vafot etgan.
Politsiya hodisani "tasodifiy o'q otish" deb baholab, qurolning qayerdan olingani va ruxsatnomasi bor-yo'qligini tekshirmoqda. Shuningdek, futbolchining ukasi yaqin kunlarda so'roqqa chaqiriladi.
"Araguaina" klubi rasmiy bayonat berib, futbolchining oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etdi. Klub sport direktori Silvaniu Rodriges Kastroning so'zlariga ko'ra, Vandersonning oilasi og'ir ruhiy holatda, ukasi esa shok holatida ekan.
Shahar meriyasi sportchi xotirasiga hurmat sifatida 10 noyabr kuni barcha sport tadbirlarini to'xtatdi. Tergov ishlari "qasddan bo'lmagan o'ldirish" moddasi bo'yicha davom etmoqda.
Ma'lumot uchun, Vanderson "Araguaina"ning 20 yoshgacha bo'lganlar jamoasida chap qanot himoyachisi sifatida o'ynagan va mahalliy musobaqalarda ishtirok etgan.






