Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ishtirokchilari — Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To‘qayev Prezident Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Islom tsivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan majmua islom tsivilizatsiyasi merosi, ilmiy tadqiqotlar va ta’lim yo‘nalishlarini birlashtirgan ilk kompleks hisoblanadi. Markaz milliy me’moriy uslub va zamonaviy yechimlar uyg‘unligida barpo etilgan.
Yetakchilar Usmon Mushafi saqlanayotgan Qur’oni karim zali, "Islomdan avvalgi tsivilizatsiyalar", "Birinchi Renessans", "Ikkinchi Renessans" hamda "Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans" bo‘limlari bilan tanishdi. Ularda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi allomalarning boy merosi, shuningdek, turli sulolalar davriga oid qo‘lyozmalar namoyish qilingan.
Tashrif davomida yetakchilar mintaqadagi madaniy hamkorlikni mustahkamlash, umumiy merosni asrash va ma’rifatparvar loyihalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar.






