Toshkent shahrida gumanoid robotlar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik zavod qurilishi boshlandi. Loyiha Janubiy Koreyaning Robotis kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Korxonaga tamal toshi qo‘yish marosimi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Yangi Avlod” sanoat zonasida bo‘lib o‘tdi. Unda rasmiylar va Robotis kompaniyasi rahbariyati ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati 70 million dollarni tashkil etadi. Zavod 10 gektar maydonda barpo etiladi va 2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Ta’kidlanishicha, yangi korxona yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xalqaro tajribani jalb etish hamda malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.
Rasmiylar mazkur loyihani O‘zbekistonda robototexnika sohasini rivojlantirish va mamlakatni Markaziy Osiyodagi yetakchi texnologik markazlardan biriga aylantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholamoqda.






