DXX va bojxona xodimlarining hamkorligida Rossiya rubli va AQSH dollaridan iborat yirik miqdordagi valyutani "tashmachilar" orqali Qozog‘istonga olib chiqish rejasiga chek qo‘yildi.
Toshkent viloyatida DXXning hududiy boshqarmasi va bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida xorijiy valyutani noqonuniy ravishda Qozog‘istonga olib chiqishga urinish fosh etildi.
Toshkent tumanida o‘tkazilgan operatsiya vaqtida 1995 yilda tug‘ilgan shaxs 5 mln 622 ming Rossiya rublini kichik partiyalarga bo‘lib, Qozog‘istonga o‘tkazib berish uchun "tashmachi"ga topshirayotgan paytda ushlandi.
Tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchining avtomobili va yashash xonadonidan qo‘shimcha ravishda 11 220 AQSH dollari hamda valyuta egalarining ismlari qayd etilgan daftar topildi va protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasi 2-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shaxsga nisbatan "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.






