Avstraliya hukumatı 6 dekabr kuni Afg‘onistondagi "Tolibon" harakati rahbariyatining to‘rt nafar a’zosiga nisbatan moliyaviy cheklovlar va vizaga taqiq qo‘lladi. Bu haqda "zamon.uz" yozmoqda.
Mazkur choralar Afg‘oniston ayollari va qizlarining huquqlari keskin cheklangani sababli qo‘llanmoqda. Tashqi ishlar vaziri Penni Vong ta’kidlashicha, jazo ro‘yxatiga kiritilgan rasmiylar ayollarning ta’lim olishi, mehnat qilishi, erkin harakatlanishi va jamiyat hayotida ishtirok etish huquqlarini cheklashda bevosita mas’uldır.
Sanksiyalar uch nafar vazir va Tolibon bosh sud’yasiga qaratilgan bo‘lib, ular xalqaro moliyaviy operatsiyalardan chetlashiriladi va Avstraliyaga kira olmaydi.
Vazir Penni Vongning ta’kidlashicha, bu choralar Avstraliya hukumatining yangi sanksiya mexanizmi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, Tolibon rejimiga bosimni kuchaytirish hamda Afg‘oniston xalqiga nisbatan zulmni nishonga olishga qaratilgan.
Avstraliya 2021 yil avgustida qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqqan. Shundan so‘ng, mamlakat xavfsizlik tahdidi ostida qolgan minglab afg‘on fuqarolarini, asosan ayollar va bolalarni evakuatsiya qilib qabul qilgan.
Bugungi kunda Afg‘onistonda millionlab odamlar gumanitar yordam evaziga yashamoqda. Xalqaro hamjamoat esa ayollar huquqlarining keskin cheklanishi uchun Tolibonni tanqid qilishda davom etmoqda. Harakat rahbariyati esa o‘z siyosatini “islomiy qadriyatlar va mahalliy urf-odatlarga mos” deb ta’riflab keladi.






