AsosiyDunyo

Zelenskiy: “AQShning tinchlik rejasi 28 banddan 20 taga qisqardi”

Ukraina rahbari reja qayta ko‘rib chiqilgani va murosaga qaratilgani haqida ma’lum qildi.

'Zelenskiy: “AQShning tinchlik rejasi 28 banddan 20 taga qisqardi”'ning rasmi

AQShning Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha ishlab chiqqan 28 bandlik tinchlik rejasi 20 taga qisqartirildi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy jurnalistlarga bergan intervyusida aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, reja Ukraina tomoni bilan o‘tkazilgan maslahatlar ortidan qayta shakllantirilgan. Zelenskiy ayrim bandlar umuman Ukrainaqa aloqador bo‘lmagani uchun olib tashlanganini bildirdi. Shunga qaramay, hududlar bilan bog‘liq masalalarda hali murosa yo‘q.

Prezident yana bir bor Ukraina o‘z hududlarini berishga haqli emasligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bunday qadam na konstitutsiyaga, na xalqaro huquqqa to‘g‘ri keladi.

“Rossiya bizdan hududlarni talab qilmoqda, ammo biz hech narsa berishni xohlamaymiz — shuning uchun kurashaymiz”, dedi u.

Zelenskiy xavfsizlik kafolatlariga ham to‘xtalib, AQSh tomonidan berilishi mumkin bo‘lgan aniq majburiyatlar Ukraina uchun eng ishonchli model bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Uning aytishicha, yangilangan tinchlik rejasi ustidagi ishlar 9 dekabr kuni yakunlanadi va AQShga taqdim etiladi. Shu kunlarda Ukraina delegatsiyasi Mayamida AQSh vakillari bilan uch kunlik muzokaralar olib borgan, ularda Trumpning maxsus vakili Stiven Uitkoff, Jared Kushner hamda jarayonning oxirgi qismida Zelenskiy ham ishtirok etgan.

    Boshqa yangiliklar