AsosiyJamiyat

Мьянмага сотиб юборилган ўзбек, қозоқ ва қирғиз фуқаролари ватанга қайтарилди

Bir guruh o‘zbeklar O‘zbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasiga Myanmada odam savdosi qurboniga aylangan va vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.

'Мьянмага сотиб юборилган ўзбек, қозоқ ва қирғиз фуқаролари ватанга қайтарилди'ning rasmi

O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida Myanmada og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari vatanga muvaffaqiyatli qaytarildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo”.

O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasiga bir guruh yurtdoshlarimiz Myanmada odam savdosi qurboniga aylanganligi va vatanga qaytishda yordam so‘rab murojaat qilgan.

Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, ular Tailandga internetda yuqori maoshli ish taklifi bilan kelishgan. Ularga O‘zbekistondan bepul aviachipta taqdim etilgan. Biroq, ular Tailandga yetib kelganidan so‘ng, aldov yo‘li bilan Myanma hududiga noqonuniy ravishda olib o‘tilgan va u yerda odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoyiy guruhlar qo‘liga tushib qolgan. U yerda ularni firibgarlik kol-markazlarida ishlashga majburlashgan. Noqonuniy harakatlarni amalga oshirishdan bosh tortgan fuqarolar jismoniy zo‘ravonlik va tahdidlarga duchor bo‘lgan.

Shuningdek, Myanmada xuddi shunday vaziyatda Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ham odam savdosi qurboniga aylanganligi aniqlandi. Qirg‘izistonning Tailandda diplomatik vakolatxonasi yo‘qligini inobatga olib, qo‘shni davlatning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlari usbu fuqarolarni ham vatanga qaytarishni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatdi.

Myanma va Tailandning vakolatli organlari bilan olib borilgan kelishilgan harakatlar va muzokaralar natijasida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari ozod qilinib, Maesot (Tailand) chegara punktida O‘zbekiston va Qozog‘iston diplomatlariga topshirildi. Ozodlikka chiqarilgan shaxslarga vaqtincha turar joy va oziq-ovqat berildi.

2025 yil 9 dekabr kuni O‘zbekiston va Qozog‘istonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari ko‘magida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston fuqarolari vatanga muvaffaqiyatli qaytarildi.

    Boshqa yangiliklar