Prezident matbuot xizmati xabar qilishicha, Paralimpiya terma jamolari markazi Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan Olimpiya shaharchasi hududida tashkil etiladi.
Markaz faoliyati paralimpiya sport turlari bo‘yicha iqtidorli sportchilarni saralash, terma jamolarni shakllantirish va ularni puxta tayyorlashga yo‘naltiriladi.
Qayd etilishicha, markaz direktori lavozimiga ko‘ra Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari hisoblanadi. Markazning boshqaruv xodimlari soni 17 nafar etib belgilangan.
2026 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Olimpiya shaharchasi hududida paralimpiya terma jamolari uchun yotoqxona, oshxona va ma’muriy xonalarni o‘z ichiga olgan zamonaviy binolar barpo etiladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 yanvardan paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamolarni shakllantirishning yangi tartibi joriy etiladi. Unga ko‘ra, sportchilarning musobaqa natijalari bilan bir qatorda sport normativlarini bajarishi ham inobatga olinadi. “ERP-sport” elektron tizimi orqali sportchilarning natijalari monitoring qilib boriladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilgi Yoshlar Para Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallagan.






