Poytaxtda aholi va iqtisodiyot ob'ektlarini qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan barqaror va uzluksiz ta'minlash maqsadida bir vaqtning o'zida elektr va issiqlik ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirildi.
Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MW bo'lgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biridir.
Xitoyning "CNTIC" kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan loyiha 3,5 gektar maydonda joylashdi. Uni moliyalashtirish uchun 65 million dollar to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya yo'naltirildi. Davlatimiz rahbari markazning ish jarayoni bilan tanishdi.
Kogeneratsiya inshootiga Buyuk Britaniyaning "Rolls-Royce" kompaniyasining 70 ta gaz-porshen uskunalari o'rnatildi.
Qozonxonalardan iste'molchilargacha bo'lgan issiqlik ta'minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yo'qotishlarining oldini olish imkoniyatini beradi.
Markaz ishga tushirilishi natijasida yiliga 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 858 ming gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.
Endilikda poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug'bek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta ob'ekt doimiy issiqlik energiyasi bilan ta'minlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha ob'ektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadonga elektr energiyasi barqaror etkazib beriladi.
Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar 40-45 foizga kamayadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlanmalari yuzaga kelmaydi.
Shu yerning o'zida Prezidentimiz kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo'yicha amalga oshirilgan ishlar va issiqlik markazlarini rivojlantirish, Toshkent issiqlik elektr stantsiyasini modernizatsiya qilish, poytaxtda obodonlashtirish ishlarini takomillashtirish bo'yicha takliflar, shuningdek, anormal sovuq sharotida xizmatga jalb etiladigan kuch va vositalarni taqsimlash yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi.
Poytaxtda 11 ming 630 ta ko'p qavatli uy bor. Ularga 358 ta boshqaruv servis kompaniyasi xizmat ko'rsatmoqda. Davlatimiz rahbari ularning mavsumga qay darajada shayligi bilan qiziqdi.
– Shahar sharotida boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati aholi hayoti bilan uzviy bog'liq. Shu bois ular soat mexanizmidey aniq, uzluksiz ishlashi kerak. Buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmogda. Endilikda soha xodimlarining dunyoqarashi va yondashuvi ham o'zgarishi lozim. Aholining holidan xabar olish, ko'p qavatli uylarning yerto'la va tom qismlarini, yo'laklar va o'yin maydonchalarini tartibli saqlash zarur, – dedi Prezident.
Shuningdek, energetika, obodonlashtirish, qurilish va servis tarmoqlari mas'ullariga mavsum davomida tizimli va muvofiqlashgan holda ishlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.






