Saida Mirziyoyeva Urgutning chekka qishloqlaridan biridagi “Navoiy” poliklinikasiga borib u yerdagi ahvol talabga javob bermasligini tanqid ostiga oldi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi.

“1972 yilda qurilgan bino kapital ta’mirga, yangi standartlar va tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga muhtoj. Muassasa 13 mingdan ortiq aholi uchun birinchi tibbiy yordam ko‘rsatadi. 16 ta qishloqda yashovchi aholi uchun esa bu tug‘ruqni qabul qiladigan eng yaqin va yagona tibbiyat maskani. Yuklama nihoyatda katta, sharoyit esa izoh talab qilmaydi. Zax xonalarning kulrang oynalariga urilayotgan yomg‘ir tomchilari ham vaziyatni aks ettiryapti”, — deydi Mirziyoyeva.

Shuningdek, u holatga fikr bildirar ekan, bu bitta poliklinikaning muammosi emasligini ta’kidladi.

“Bu jarayon faqat binolarni ta’mirlash bilan cheklanmaydi, balki birinchi tibbiy-sanitariya tizimiga bo‘lgan yondashuv tubdan qayta ko‘rib chiqiladi. Bugun ko‘rganlarim shuni yana bir bor isbotladi: sog‘liqni saqlashdagi muammolarni faqat hisobot va hujjatlar asosida baholab bo‘lmaydi”,— deb yozadi administratsiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva Samarqanddan Urgut vokzaligacha yangi temir yo‘l orqali borgani haqida xabar bergan edik.

Administratsiya rahbari ushbu safar chog‘ida Urgutda erkin iqtisodiy zona shakllanishi, tadbirkorlar, yo‘lovchilar uchun masofa va xarajatlarni qisqartirishga xizmat qiladigan muhim infratuzilma bo‘lishini ta’kidladi.






